UCHINCHI RENESSANS - YOSHLAR NIGOHIDA
Muallif: . .
Sana: 15.12.2023
185

Mustaqil vatanimiz – O‘zbekistonimiz ayni payt 32 yoshda. Sovet ittifoqining mustamlaka siyosatidan so‘ng ko‘kragiga erkinlik va mustaqillik shamoli tekkan jonajon yurtimiz asrning uchdan birini yashadi. 32 yil – oz deyish noo‘rin, lekin hali juda ko‘p ham hisoblanmaydigan vaqt. Inson hayotidan qiyos oladigan bo‘lsak, odam bolasi aqli, jismoniyati, mafkurasi, zakovati jihatidan mukammallikka erishish arafasida bo‘ladigan pallalar. Ha, ona yurtimiz ham shu davrga yuz tutmoqda. Komillikka yetishayotgan inson singari, yurtimiz ham bu yoshigacha ancha narsalarni boshidan kechirdi. Dastlab oyoqqa turdi, dunyo yuzida O‘zbekiston degan mustaqil davlat paydo bo‘lganini isboti o‘laroq jahon maydonida har jihatdan bo‘y ko‘rsatishni oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Buning uchun dastur-u rejalar tuzdi hamda tajribalar orttirdi. Endi esa mana shu resurslarga suyangan holatda uchinchi renessansni amalga oshirish, Yangi O‘zbekistonni barpo qilishdek oliy maqsadning debochasida barqaror turibdi.

Ushbu boshlangan strategik g‘oya yurtimizning hozirgi kuni va kelajagi uchun dolzarb ahamiyatga sazovor.Chunki hozirgi kunda jahon maydonida turish uchun yangicha dunyoqarash, yuksak maqsadlar sari intilish suv va havodek lobud.

Yaqin o‘tgan yillarimizga, yangi tariximizga nazar solsak, bu jarayon allaqachon boshlanganiga guvoh bo‘lamiz. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev 2020-yili, yurtimiz mustaqilligining 29 yilligini nishonlash uchun tashkil etilgan Ko‘ksaroy qarorgohidagi tadbirdaO‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgani haqida gapirdi. Xususan, yurtboshimizning Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida ham ushbu ulug‘vor rejaga kirishilgani haqida quyidagicha bayon etilgan: “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilmfan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim”

E’tiborga molik jihati shundaki, mana shu Uchinchi Renessansning tashabbuskorlari, egalari bizmiz! Yuroqida aytilgan ta’lim tarbiyani rivojlantirish, ilm-fan, sog‘lom turmush tarzini yaratish, innovatsiyalarni rivojlantirish - bularning barchasi bizning oliy vazifamiz. Bu sharafli vazifani har bir yosh mamnuniyat bilan o‘z zimmasiga olmog‘i va mas’uliyat va sabot bilan bu ulug‘ maqsad sari sobit qadam tashlashi zarur deb o‘ylayman. Zero, bunday kelajak bunday yorug‘ istiqbol faqat va faqat biz uchun. Ushbu kelajakni va bu yo‘ldagi sa’y harakat, mehnatlarni ham biz o‘zimizniki deb bilishimiz maqsadga muvofiqdir.

Mir Arab oliy madrasasi 1-bosqich talabasi
Sobirov Asroriddin

. .