KA’BAI MUAZZAMA VA MASJIDUL HAROM
Muallif: . .
Sana: 02.12.2023
244

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men uchun eng yaxshi shahar va engmahbub shahar Makka shahridir. Agar qavmim meni Makkadan chiqarmaganlarida, men Makkadan boshqa joyda istiqomat qilmasdim”.(Imom Termiziy rivoyatlari.)

Muqaddima

Bizlarni musulmon qilib yaratgan Olloh taologa O‘zi bilgan adadicha hamdu sanolar bo‘lsin, bizga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishdanamuna bo‘lganPayg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salovatlar bo‘lsin. U kishidan vorid bo‘lgan hadislarni ummatlarga ishonchli yetkazgansahobalar va tobeinlardan Olloh taolo rozi bo‘lsin.

Makkai Mukarramaning nomlaridan biri -“Ummul quro”. Bunday nomlanishiga sabab, Ka’ba yerning, butun dunyoning o‘rtasida joylashgan.Bu borada, ya’ni Makka va dunyo xaritasini chizishda ko‘p olimlar kamarbasta bo‘lganlar: Ibn Fazlulloh al-Umariy, ibn al-Vardiy, Safoqisiy degan olimlar Ka’ba yer yuzining o‘rtasi ekanligini isbotlab berganlar.

Makkai Mukarrama tarixda va dinimizda juda katta obro‘ga, maqomga ega bo‘lgan joydir. Olloh taolo mana shu ulug‘ shaharda Ka’baning bo‘lishini, Ismoil alayhissalom va u kishining onalari Hojar onamizning u yerni maskan tutishlarini ixtiyor etdi. Ko‘p payg‘ambarlar, anbiyolar, solihlar Makkada istiqomat qildilar. Buning sharofatidan Makka musharraf bo‘ldi. Makkai Mukarramada Masjidul Harom borki, musulmonlar u yerga borib ibodat qiladilar. Makka musulmonlarning qiblalaridir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham Makkada tug‘ildilar; payg‘ambarlik hamu kishiga shu yerda nozil bo‘ldi. Zamzamsuvi, Arafot, Muzdalifa, Mino va shu kabi qator tarixiy va diniy ahamiyatga molik joylar ham Makkai Mukarrama hududida joylashgan.

Ka’ba va Makka tarixiga oid juda ko‘p kitoblar bor. Albatta bu adabiyotlar turli hajmga, shaklga va yo‘nalishga ega. Ularning ayrimlari Ka’ba va Makkaning qadimiy tarixinigina; ayrimlari hozirgi tarixini o‘z ichiga oladi. Ba’zilari esa nihoyatda ko‘p jildlardan iborat bo‘lib, har qanday o‘quvchining ularga tili, qo‘li kelishmaydi. Albatta, har bir kitobda juda katta baraka mavjud, har bir kitobning o‘z ahamiyati bor.

Olloh taologa suyangan holda, garchi zahiram kam bo‘lsa ham, ushbu mavzuda bitiruv ishi yozishga azm qildik. Buni tayyorlash uchun madinalik olim Muhammad Ilyos Abdulg‘anining “Makkai Mukarramaning qadimgi va hozirgi tarixi” kitobidan keng foydalandik. Ma’lumotlarni o‘tgan manbalariga: oyatlar, hadislar, sahobalar va tobeinlarning asarlariga bog‘lashga va o‘shalar bilan asoslashga harakat qildik. U yana tarixiy rasmlarni, xaritalarni o‘z ichiga oladi.

Olloh taolodan madad so‘rab, ushbu ishni yozishga kirishamiz. Olloh taolodan amallarimizni xolis qilishini so‘raymiz, harakatlarimizdan o‘zi rozi bo‘lsin. Bu muqaddas yerlarga Olloh taolo hammamizni erishtirsin, ushbu muqaddas joylarning hurmatini hamisha o‘rniga qo‘yishni Olloh taolo bizga nasib aylasin!

MAKKAI MUKARRAMANING YER YUZIDA, YA’NI DUNYOXARITASIDA TUTGAN O‘RNI.

Makkai Mukarrama Saudiya Arabistoni mamlakatining g‘arbida - Hijoz vodiysida joylashgan, to‘rt tomondan tog‘lar bilan o‘ralgan. Uning o‘rtasida Ka’ba bor. Makka Ka’badan boshlanadi. Makka tomonlari Ka’ba tomonlari bilan nomlanadi. Makkaning eng chuqur joyida Ka’ba joylashgan bo‘lib, uning atrofidagi tekislik Batho deb nomlanadi. Masjidul haromning sharqiy tarafi Muallo deb nomlanadi. Hozir u yerda Jannatul Muallo, ya’ni Muallo qabristoni bor. Makkaning g‘arbiy va janubiy tomoni Misfala deyiladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Mualloda tug‘ildilar va hijrat qilganlaricha o‘sha yerda bo‘ldilar. So‘ngra Makka fath qilinganida ham Muallodan kirdilar. Makkaga uch yo‘ldan: Muallo, Misfala, Shabiyka yo‘llaridan kiriladi.

Makka 21o, 25/, 19// shimoliy kenglik, 39o, 49/, 46// sharqiy uzunlikda joylashgan.

MAKKAI MUKARRAMANING FAZILATI.

Olloh taolo Makkai Mukarramani eng afzal payg‘ambari, xotamun nabiyyin Muhammad sollallohu alayhi vasallam uchun tanladi. Ma’lumingizkim, Olloh taolo haj uchun Makkani asosiy shahar qilib qo‘ydi. Makkaga kirayotgan odam uzoqdanmi, yaqindanmi, tavoze’ bilan, kamtarinlik bilan, qullik bilan, boshi ochiq holatda, dunyo liboslaridan yechingan holda bo‘ladi. Olloh taoloMakkani haram, ya’ni hurmatli shahar qildi. U yerda qon to‘kilmaydi, biron narsa yo‘qolsa, olinmaydi, hech kim unga molik bo‘lmaydi va Makkai Mukarramada o‘simliklar uzilmaydi, ovi ov qilinmaydi. Agar Makkaga ixlos bilan borilsa, o‘tgan gunohlarga kafforat bo‘ladi.

Yer yuzida Makkadan boshqa biror shahar yo‘qki, imkoniyat topgan musulmon u yerga borishi shart bo‘lsa. Faqatgina Makkaga borish imkoniyati bo‘lgan kishiga shartdir. Bormasa, gunohkor bo‘ladi. Faqatgina Makkada joylashgan Ka’ba tavof qilinadi. Yer yuzida Hajarul asvaddan boshqa biron bir tosh yo‘qki, o‘pilsa; Ruknul yamaniydan boshqa biron bir tosh yo‘qki, siylansa. Olloh taolo Qur’onda ikki marta Ka’ba bilan qasam ichdi.

Masjidul Haromda o‘qilgan namoz yuz ming namozga barobardir. Makkai Mukarrama butun yer yuzining qiblasidir. Makkaga qarab yoki orqasini qilib hojat qilish haromdir. Kimki Makkada turib biror gunohni qasd qilsa, garchi qilmasa-da, gunohkor bo‘ladi. Boshqa joylarda esa, odam to gunoh qilmaguncha gunohkor bo‘lmaydi. Bu yerda gunohlar ko‘payadi, chunki Olloh taolo hurmatli etgan shaharda, yer yuzidan tavofchilar keladigan shaharda gunoh darajasi ham baland bo‘ladi.

Qalblar Makkaga intiladi, qalblar Makkaga intilishni xohlaydi. Makkada juda ko‘p joylar borki, u yerda duolar qabul bo‘ladi, u yerda gunohlar kechiriladi, u yerda insonning toyilishlariga kafforat bo‘ladi.

Makkaga kofirlar kirmaydi. Makkada qurol ko‘tarib yurish harom hisoblanadi, Makkani farishtalar qo‘riqlab turadi, hatto Dajjol ham Makkaga kira olmaydi. Ba’zi rivoyatlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Makkani maqtab aytganlar. Quyida ularni keltiramiz:

1 . Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hijrat qilayotgan paytda Makkaning atrofidagi bir tog‘da turib: “Ollohga qasamki, ey Makka, sen Olloh nazdida eng mahbub shaharsan, Olloh seni yaxshi ko‘radi. Agar sening ahling meni chiqarmaganlarida edi, men hargiz chiqmasdim”, - dedilar.

( Imom Termiziy rivoyatlari.)

2. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ollohga qasamki, men sendan bugun chiqib ketyapman, - dedilar chiqib ketayotgan paytlarida, - lekin men bilaman: sen Olloh taoloning eng mahbub, eng mukarram shahrisan. Sening ahling meni chiqarmaganlarida, men chiqmasdim”.

(“Majma’uz zavoid”dan.)

3. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni aytdilar: “Bu shahar – Makka Olloh taolo yerni yaratgan kunidan e’tiboran haram bo‘lgandi, ya’ni hurmatli bo‘lgandi. Shuningdek, uning hurmati qiyomatgacha bardavom bo‘ladi. Olloh taolo uni qiyomatgacha haram qildi. Uning tikanlari uzib tashlanmaydi, undagi ov zajr qilinmaydi, undagi luqata ko‘tarilmaydi. Ya’ni, biror kishi biror narsa topib olsa, o‘zlashtirmaydi, vaholanki, uni bildiradi. Uni bildirish uchungina olish mumkin, xolos. Makkaning biror tomoniga o‘tirib qazo qilinmaydi”.

(Imom Muslim rivoyatlari.)

Ikrima: “Undagi ov zajr qilinmaydi” degandan murod “uning ovi haydalib uning o‘rniga o‘tirilmaydi”, - deganlar.

Ibn al-Qayyum: “Undagi ho‘l o‘simliklar kesib tashlanmaydi”, - deganlar.

4. Payg‘mbar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Makka va Madinadan boshqa barcha joylarga Dajjolning oyog‘iyetadi. Dajjol ularni bosib boradi, lekin faqat Makka va Madinaga kirmaydi. Makka va Madinaning har bir kirar joyida farishtalar turadilar. Ular saf tortib turib Makka va Madinani Dajjolning fitnasidan himoya qiladilar”.

(Imom Buxoriy rivoyatlari.)

5. Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomatda hamma o‘lgandan keyin, yer yorilib, birinchi bo‘lib tiriladigan men bo‘laman. Keyin Abu Bakr, undan keyin Umar, so‘ngra Baqiy ahli tiriladilar.So‘ngra ikki haram orasida jam’ bo‘lamiz.”

(Imom Termiziy rivoyatlari.)

MAKKAI MUKARRAMANING QUR’ONDA KELGAN ISMLARI.

1.Makka ismi.

U(Olloh) Makkaning ichida…

(Fath ,24)

Aslida “Makka” so‘zi halok qilmoqva nuqsonga uchrattirmoq ma’nosida keladi. Nima uchun Haram Makka nomi bilan nomlanadi? Chunki Makka gunohlarni kamaytiradi, gunohlarnihalokqiladi. Xuddi shuningdek, kimki Makkaga zulm qo‘lini cho’zsa, uni ham halok etadi va ularni tag-tomiri bilan uzib tashlaydi. Demak, Olloh taolo gunohlarimizni nuqsonga uchrattiradi, gunohlarimiz kechiriladi va unga zulm qilganlarni Olloh taolo halok qiladi.

2.Bakka nomi.

Albatta, odamlar (ibodati) uchun qurilgan birinchi uy – Bakkadagi muborak va olamlar uchun hidoyat (manbai) bo‘lmish (Ka’ba)dir.

(Oli Imron, 96)

Arab tilida “Bakka”teshmoq, ajratmoq,ikkiga bo‘lmoq va savlatini ketkazmoq ma’nosida keladi. Yana bir ma’nosi - “bo‘ynini ezmoq”. Odamlar to‘rt tarafdan ahllaridan ajrab keladilar, yo‘llarni teshib keladilar, barcha manman deganlar ham bu yerga keladilar.

Bakka Masjidul Haromning nomidir, Makka esa, butun Haramga qo‘yilgan ismdir. Bakka Makka ma’nosida ham kelgan.

3.Ummul quro nomi.

Bu bir muborak, o‘zidan oldingilarni tasdiqlovchi, Ummul quroni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan kitobdir.

( An’om, 92)

Bunday nomlanishiga sabab nimada? “Umm” arab tilida “ona”, “quro” “qishloqlar”ma’nolarini bildirib , “shaharlar onasi” ma’nosini anglatadi. Yer yuzida butun shaharlar Makkadan tarqalgan. U yer yuzining o‘rtasi va dunyoning kindigidir. Agar xarita aylana chizilib, yer yuzidagi quruqliklar to‘g‘ri taqsimlansa, yer yuzi quruqliklarining o‘rtasi Makkai Mukarrama bo‘ladi. Buning yana bir sababi Makka shaharlarning eng qadimiysidir. Ummul quro deyishdan maqsad, u barcha yerlarningqiblasi. Shaharlarningsha’nda eng ulug‘i ham Makkai Mukarramadir.

4.Al-Balad nomi.

(Ey Muhammad,) eslang, Ibrohim aytgan edi: “Ey Rabbim! Bu shaharni (Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig`inishdan yiroq qilgin…”

(Ibrohim, 35)

Makkaning Qur’onda kelgan nomlaridan biri.Bundan maqsad - Makka.

5.Al-Baladul Amin nomi.

Qasamyod eturmanmana shu tinch-osoyishta shahargaki…

(Tiyn, 3)

Ibn al-Javziy aytdilar: “Omon diyor. Johiliyatda ham, islomda ham Makkada hech kim hech kimga tig‘ ko‘tarmagan. Hatto haramda otasining qotilini ko‘rsa ham,unga tegmagan”.

6.Al-Baldata nomi.

Men mana shu shaharning Parvardogorigaginaibodat qilishga buyurilgandirman. (u bu shaharni ) “harom” qilgandir.

(Naml, 91)

7. Haraman Aminan nomi.

… Axir, biz ularga osoyishta Haramnimaqom qilib bermadikmi?!...

(Qasos, 57 )

Omon – muhtaram shahar. Tarix davomida Makkadaturli tuman dinlarga e’tiqod qilingan bo‘lsa ham, Makkani hammalari hurmat qilib ehrom bog‘lab kelishardi. Makkada hech kim hech kimga zarar yetkazmasdi. Qochganlar Makkadan boshpana topishardi. Nafaqat inson, balki hayvonot va nabotot olami ham bu rahmatdan bahramand edilar. Makka yer-u osmon yaratilgan kundan Haramdir. Uning hurmati qiyomatgacha davom etadi (yuqorida aytilgan hadis bunga dalil).

8.Vadiy g‘oyri bi zara’a nomi.

Ey Rabbimiz! Men zurriyotimdan Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim…

(Ibrohim, 37)

O‘simliksiz, giyohsiz vodiy. Ibrohim alayhissalom Hojar onamizni va Ismoil alayhissalomni u yerga qo‘ygan paytlarida na o‘simlik bor edi, na giyoh.

9.Ma’ad nomi.

(Ey Muhammad,) albatta, Sizga Qur’onni farz qilgan Zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir….

( Qasos, 85)

Ibn Abbos aytadilarki, Ma’ad – bu Makka.

10.Qorya nomi. “qishloq”

(Ey Muhammad,) Sizni haydab chiqargan shahardan ko‘ra (aholisi) quvvatliroq bo‘lgan qanchadan-qancha shaharni halok qilganmiz. Bas, ularga biror yordamchi bo‘lmagan.

(Muhammad,13)

Ey Muhammad! Sizni chiqargan qishloqdan ham yomonroq qishloq bormi?! Ya’ni uning ahli.

Qur’onda MasjidulHarom deb kelgan. Bundan maqsad nima? Masjiddagilarga Ka’baning aynan o‘ziga, Masjiddan tashqaridagilarga Masjid tomonga, dunyodagilarga esa Makka tomonga yuzlarini burish aytilgan. Makkai Mukarrama Haram – Muhtaram deyiladi.Ehrom bog‘lagan kishi u yerningovlarini ovlamaydi, giyohlarini uzmaydi.

Aslida hazrati Ibrohim alayhissalomga Jabroil tushib Haramning chegarasini belgilab berdilar. Undan keyin Fath kuni Tamimibn Asad
al-Xuzoiyni jo‘natib, Makka hududini yangilab chiqdilar. Makkani umumiy aylana shaklda olganda 127 km bo‘lib, sathi - 550 km2.

Olloh taolo ana shu doiraning ichiniHaram qilib qo‘ydi va mana shu Haramni hurmat qilishni bizlarga buyurdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Olloh taolo yer-u osmonni yaratgan kunidan bu yerni haram qildi va qiyomatgacha mana shu yer muhtaramdir. Mendan oldin bu yer haramligidan hech kim bir-biri bilan urushishimumkin emas edi, mengacha bu yerda urush bo‘lmagan. Mendan keyin ham bu yerda urushish – harom. Faqat Olloh taolo menga kunning bir soatida urushishni halol qildi, xolos”.

Sayyid ibn Musayyib aytadilar: “Makka ahlidan menga shu xabar keldiki, Makka ahli toki Makkani halol o‘rniga qo‘ymasalar halok bo‘lmaydilar”. (Uning hurmatini o‘rniga qo‘ymasalar, ularga halokat nozil bo‘ladi.)

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Sharipova Nodira

. .