ILMNING SOHIBIGA BERGAN FAZLI
Muallif: . .
Sana: 01.12.2023
219

Insonning bu hayotda baxtli va faravon hayot kechirishi ilm va ta’limga bog‘liqdir. Aynan ilm va ta’limga ko‘proq e’tibor qaratgan millat doim hayotning har jabhasida boshqalardan bir qadam oldinda bo‘lgan. Oddiy misol tariqasida O‘rta asrlardagi yurtimizdan yetishib chiqqan Buxoriy, Chag‘miniy, Zamaxshariy, Halvoiy r.a. kabi yetuk allomalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular ham millatni ham davlatni ilmiy izlanish va ming yillarga tatigulik yozgan asarlari bilan boyitib barcha millatlar havas qiladigan darajaga olib chiqishgan. Ular bu darajaga ilmning fazli orqali erishgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamilmning fazli va ajri haqida oʻz hadislarida quyidagilarni aytib o‘tganlar. Abu Dardo r.a. Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: Kim ilm yo‘liga tushsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta, farishtalar ilm talabidagi kishidan rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar. Darhaqiqat, olim kishi uchun yer- u osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga nisbatan fazliga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi – dedilar.

Ilm yo‘lini tutgan inson Allohning rahmati boʻlgan jannat sari yo‘lga otlangan hisoblanib, unga safari davomida farishtalar hamrohlik qiladilar. Yana farishtalarning oʻzlari rozi boʻlib ilm talabidagi kishiga qanotlarini yozib turadilar. Koinotdagi jamiyki mavjudotlar uning haqqiga istigʻfor aytadilar. Banda umri davomida qilgan gunohlariga istigʻfor aytar ekan, gunohlarini kechirilishi uchun harakat qilarkan,talabi ilmda boʻlgan inson uchun butun borliqdagi maxluqotlar uning gunohlarining kechirilishi uchun tun-u kun istigʻfor aytsa, manashu harakatining natijasi sabab dunyo-yu oxiratda aziz qilinsa, bu katta baxt emasmi?!

Birgina kishi oʻzining dunyo hayotidagi rohatiga sabab boʻladigan ish talabida harakat qilganligi uchun shu qadar neʼmatda bo‘lsa! Bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak.

Alloh taolo Mujodala surasining 11 oyatida ...Alloh sizlardan iymon keltirganlarini va ilm sohiblarining darajalarini koʻtarur...,-deb marhamat qiladi. Qurʼon tarjimoni boʻlgan Ibn Abbos roziyallohu anhumo bu borada Ulamolar va oddiy mo‘minlar orasida yetti yuz daraja bo‘ladi. Har bir darajaning orasida besh yuz yillik masofa bor-deganlar. Bu oyatning tafsiridan hamda Ibn Abbos roziyallohu anhumoning bergan taʼriflaridan ilm sohibining oddiy insondan farqi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ilm talab qilish deganda faqatgina diniy ilmlar nazarda tutilmaydi. Balki, har qanday bilim xoh diniy boʻlsin xoh dunyoviy har ikkisi ham bir xil ajrga sababdir.

Aslida ilmlar diniy yoki dunyoviyga boʻlinmaydi. Bu boʻlinishi milodiy XV asrlarda yuz bergan. Zamonaviy ilmlarga qarshi boʻlgan cherkov mutaassiblari hamda falakiyotshunos olimlarning oʻzaro murosa nuqtasi oʻlaroq diniy maʼlumotlar faqatgina cherkovda va boshqa ilmlar dindan tashqarida qilingan holda rivojlandi. Natijada ilmni ikkiga boʻlishdi. Oqibatida oyat va hadislarda kelgan ilmlining darajalari haqidagi mujdalar faqatgina diniy ilmga tegishli degan tushunchaga kelishga sabab boʻldi. Islom dinida ilmning turlanishi yoʻq. Har qanday ilm borki oʻz sohibini najotga, saodatga yetaklaydi. Bunga yana bir dalil Kalomi Sharifdagi Zumar surasining 9 oyatida Alloh taolo “Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʻlurmi?!”- deya marhamat qilgan. Biladiganlar soʻzidan murod olim bandalardir. Bilmaydiganlar esa ilmsiz, johil insonlardir. Shu oyatning oʻzi jamiyki misollarga kifoya boʻladigan dalildir.

Biz ushbu maqolada oyat va hadislardan birgina misol keltirish bilan kifoyalandik. Hali zikr qilinmagan dalillar qancha. Ilm qalblarning hayoti va ko‘zlarimizning nuridir. Ilmning fazli nechog‘lik baland. Inson har ne bilan umrini o‘tkazsada, bu darajani topa olmaydi. Shuning uchun barchamiz ilmga jiddu jahd bilan harakat qilmog‘imiz lozim va lobuddir. Shunda Alloh taolo kalomida vaʼda qilgan, Rosuli hadislarida vasf qilgan darajalarga erishamiz. Alloh taolo barchamizni mazkur darajalarga loyiq qilsin.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Zinnura Naimova

. .