DUODA NIMA SOʻRALADI?
Muallif: . .
Sana: 14.03.2023
349

Alloh taolo bandalari dunyoda baxtli hayot kechirib, oxiratda najot topishlarini xohlaydi. Shuning uchun ularga ilohiy dastur nozil qilgan. Unda Parvardigorimiz bizlar dunyo va oxirat ishlarini barobar olib borib, duoda ham ushbu ikkisining saodatini soʻrashimizga amr qilgan:

“Odamlar orasida shundaylar borki, u: “Ey Parvardigor, bizga mana shu dunyoda bergin”, deydi. Holbuki uning uchun oxiratda hech qanday nasiba yoʻq. Va ularning orasida yana shunday zotlar ham borki, “Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik ato etgin va bizni doʻzax azobidan asragin”, deydilar. Ana oʻsha zotlar uchun qilgan ibodatlari sharofatidan nasiba bordir” (Baqara, 200-202).

Bu oyatlarda Alloh taolo faqat shu besh kunlik oʻtkinchi dunyoga tegishli boʻlgan narsalarnigina soʻrab, abadiy maskan boʻlmish oxiratdan yuz oʻgirgan kishilarni tanqid qilmoqda.

Said ibn Jubayr Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Arablar ichidagi bir qavm qachon duo qilsa, “Allohim bu yilni seryogʻin qil, barokatli, toʻkin-sochinlik yili qil, bizga yaxshi farzandlar ber”, deb soʻrar, ammo oxirat haqida hech ham oʻylab koʻrmasdi. Shunda Alloh mazkur oyatni nozil qildi”.

Oʻz navbatida ushbu oyatda Alloh taolo dunyo neʼmatlari va oxirat saodatini birga soʻragan moʻmin bandalarni maqtamoqda. Bundan kelib chiqadiki, biz Allohga duo qilsak, oxirat saodatini soʻrashni unutmasligimiz kerak.

Yuqoridagi oyatda zikr qilingan duo Alloh taoloning solih paygʻambarlaridan boʻlmish Muso alayhi salom tilidan ham aytilgan:

“Bizlar uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik yozgin” (Aʼrof, 157).

Quyidagi hadisdan duoda eng birinchi navbatda nimani soʻrash lozimligini bilib olamiz.

Ibn Masʼud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ey Allohim, men Sendan hidoyat, taqvo, ofiyat (tinchlik-salomatlik) va boylik (yoki behojatlik) soʻrayman”, deb duo qilardilar” ( Muslim rivoyati).

Hadisga eʼtibor bersak, mahbub Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Allohdan avvalo rushdu hidoyat, toʻgʻri yoʻlda sobitqadam boʻlish va Oʻziga taqvo qiladigan bandalardan boʻlishni soʻrab, undan keyin dunyoga tegishli narsalarni soʻramoqdalar. Bu duo bizlarga katta oʻrnak.

Quyidagi oyatda Alloh bandalarini dunyo neʼmatlarini ustun qoʻyib, oxiratdan yuz oʻgirishdan qaytaradi:

“Kim naqd (dunyo)ni koʻzlovchi boʻlsa, Biz (shu dunyoda ulardan) Oʻzimiz istagan kimsalar uchun Oʻzimiz xoholagan narsani naqd qilib beramiz” (Isro, 18).

Demak, banda, avvalo har qanday sharoitda Allohga ixlos bilan duo qilishi, duo qilganda ham faqat dunyo neʼmatlari boʻlmish boylik, martaba, farzand, sogʻlik-salomatlik, farovonlikni emas, balki, birinchi galda oxirat saodatini soʻrashi lozim. Chunki, dunyodagi baxt-saodat har qanday odamga nasib qilishi mumkin, ammo oxirat saodatiga Alloh xush koʻrgan bandalargina erishadilar.

Toshmatov Anvarjon.

Mir Arab Oliy Madrasasi 3-boskich talabasi

. .