Diniy atamalarni notoʻgʻri tushunmaylik
Muallif: . .
Sana: 15.01.2021
600

Shu kunlarda Iroq va Suriyadagi gʻalayonlar oqibatida minglab begunoh odamlar qurbon boʻlayotgani, u yerdagi toʻs-toʻpalonlarning asosiy sababi oqimlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar ekanini Yurtboshimiz alohida taʼkidladilar.

“Shahid”, “jihod” tushunchalarining gʻarazli maqsad yoʻlida buzib talqin etilishi, ayrim johillar esa oʻzini portlatib, aybsiz kishilarning halok boʻlishini “jihod” yoki “shahidlik” deyishi musulmonchilikka mutlaqo yotdir.

Hozir esa buzgʻunchi toifalar oʻzlari ilgari surayotgan yovuz maqsadga erishish uchun yangi “jihod” turlarini oʻylab topishgan. Ular “jihod - muqaddas urush” degan tushunchani targʻib qilib, aybsiz odamlarning nohaq qoni toʻkilishiga sabab boʻlishmoqda. Bunga dunyoning turli nuqtalarida “jihod” yoki “shahidlik” niqobi ostidagi qoʻporuvchiliklar misol boʻladi.

Chindan ham oʻzini portlatib insonlar umriga zomin boʻlish ulkan gunohdir. Rasuli akram s.a.v Vado xajida; “Ey odamlar, xoh oʻzingiz va xoh bir-birlaringizning qoningizni toʻkishingizni Alloh harom qildi...” – deganlar.

Buzgʻunchi guruhlar va baʼzi shaxslar oʻz joniga qasd kilishini shahidlik bilan qorishtirib talqin qilyapti. Shaxsning oʻzini oʻzi oʻldirishini “shahidlik” deyish katta xatodir. Kishining oʻzini oʻzi oʻldirishi, “oʻz joniga qasd qilish”, deb baholanadi. Shariat nuqtai nazaridan bu ish qattiq qoralanadi. Alloh taolo ogohlantiradi: “...oʻz qoʻllarigiz bilan oʻzlaringizni halokatga tashlamangiz!...” (“Baqara” surasi, 195-oyat).

Maʼlumki, islom manbalarida: “Oʻz joniga qasd qilgan kishiga ulamolar va masjid imomi boshchiligida janoza oʻqish durust emas, balki oddiy namozxon boshchiligida bu farzni kifoya ado etilsin”,- deyilgan. Demak, koʻngli kir kimsalarning “toʻppa-toʻgʻri jannatga kirish” haqidagi vaʼdalariga aldanib, xudkushlikka qoʻl urayotganlar aslida oʻsha boshliqlarining manfur maqsadlari yoʻlida itdek oʻlim topishdan boshqa narsaga erisha olmaydilar.

Bu mudhish holat, ayni paytda, Alloh taoloning qazoi qadariga ham isyondir. Inson hayot neʼmatini avaylashi, unga xiyonat qilmasligi lozim, aks holda, eng ogʻir jinoyatga qoʻl urgan, boʻyniga katta gunohni orttirgan boʻladi.

Azizlar, barcha yurtimiz musulmonlari bunday fitnalardan xotirjam boʻlmasligimiz kerak. Yurtimizdagi tinchlikni, dasturxonimizdagi nozu-neʼmatlarning qadriga yetib, ona Vatanimizga har birimiz ezgulik bilan oʻz hissamizni qoʻshishimiz lozim, deb bilamiz.

A.ASHUROV

Mir Arab oliy madrasasi 2-kurs talabasi

. .