HADISDA SHIFO BORMI?
Muallif: . .
Sana: 01.01.2021
674

Hozirgi kunimizga kelib, dunyo tobora rivojlanib, yuksalishlar sari dadil qadam tashlamoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, ilm-fan, sanoat, qurilish, tibbiyot kabi sohalarda misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Misol uchun, birgina tibbiyot sohasini olaylik. Kishilar biron bir kasallikka chalinsa, tibbiyot sohasi darrov oz davo malhami ila kasalaga qarshi kurashadi.

Ammo shu vaqtda ham shunday kasalliklar borki, bu kasalga qarshi tibbiyot malhami ham oʻz davosini toʻlaligicha koʻrsatmayapti. Balki, malham kishilarga goʻyoki vaqtincha mazkur kasallikka chalinmay turing. Hali tayyor emasman, deb aytayotganday boʻladi.

Butun dunyo sogliqni saqlash vazirliklari odamlarni tozalikka, gigiyena qoidalariga rioya qilishga targʻib etmoqda. Sezib turganingizdek, gap bugungi asr muammosiga aylangan, koʻplab insonlarning hayotiga zomin bolayotgan, yer shariga tarqalib borayotgan koronavirus haqida ketyapti. Xoʻsh, insonlar bu ofatdan qanday qilib qutuladilar? Buning yoʻli bormi? Javob shuki, biz hammamiz asl oʻzligimizga qaytishimiz mazkur kasallik va boshqa balolardan qutulishimizga sabab boʻladi, inshaalloh.

Tarixga nazar solsak, bizning yurtlar qadimdan islom rivojlangan va taraqqiy topgan maskanlardan biri boʻlgan. Buni hozirgi kun islom diyorlari ham eʼtirof etib turibdi. 2007 yil Toshkent, 2020 yil esa Buxoro Islom madaniyati poytaxti deya eʼlon qilinishi ham shuning isbotidir. Bunga sabab bu diyorda oldin yashab oʻtgan ota-bobolarimiz, ularning ilm-fanga qoshgan hissalari boʻlsa ajab emas. Ular islom dinini puxta oʻrganib, farzandlariga oʻrgatib, unga amal qilib, qolganlarga ham yetkazdilar. Mubolagʻa boʻlsa-da, ilm va amal ularning turli kasalliklarga duchor boʻlishlarining oldini olgan. Bu bilan ular kasallikka chalinmagan demoqchi emasmiz. Kasallik avval ham boʻlgan va hozirgacha davom etib kelmoqda. Ammo, gap ana shu kasallikdan qanday himoyalanganlikda yoki kasallikka chalinib qolsa, uni qanday yengib oʻtishdadir. Buning muolajasi uchun islom manbalarida qanday koʻrsatmalar berilgan boʻlsa, shunga amal qilishdadir.

Soʻzimiz dalili sifatida imom Buxoriy hazratlari naql qilgan hadisni keltiraylik: Rasululloh s.a.v. oʻz sahobalariga qarata: Nima deysizlar! Bir kishining uyi oldidan anhor oqib oʻtsayu, u ana shu anhorda kuniga besh marotaba chomilsa, yuvinib poklansa, uning badanida biror kir qoladimi?, dedilar. Sahobalar: Yoʻq, deya javob qaytarishdi. Unda nima deysizlar! Kishi bir kunda besh vaqt namoz oʻqisa, unda gunoh qoladimi?. Sahobalar: Yoʻq, bunday moʻminda gunoh qolmaydi, deb javob berdilar.

Buni qarang, Rasululloh s.a.v. oʻz sahobalarini bir kunda besh vaqt poklanib, tahorat olib, gʻusl qilib, badandagi kirlardan, balki, bu kirdan murod koronavirus va yana kelgusida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan kasalliklardan yiroq boʻlishga va bir kunda besh vaqt namoz oʻqib, gunoh kirliklaridan ham pok boʻlishga chaqirayotgan boʻlsalar ajab emas.

U zot yana bir hadislarida: Allohim! Men sizlarga ikki narsani qoldiryapman. Agar uni mahkam ushlasangiz hargiz toʻgʻri yoldan adashmaysiz. Ularning biri Allohning kalomi bolsa, ikkinchisi mening sunnatim, hadislarimdir, deganlar.

Shunday ekan, bu holatda biz musulmonlar ibodatda, taqvoda, amalda qanchalik mustahkam boʻlar ekanmiz ana shuning oʻzi biz uchun himoya (biz uchun dezinfeksiya) boʻladi. Zero, har qanday kasallikning paydo qiluvchisi Allohdir. U xohlamasa, hech bir bandada biror kasallik paydo boʻlmaydi.

Biz Allohdan qancha uzoqlashsak, boshqa narsalar bizga shuncha yaqin boʻlaveradi.

ROʻZIMUHAMMAD TOʻXTASINOV

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .