Islomda bagʻrikenglik: tasavvuf va fiqh uygʻunligi
Muallif: . .
Sana: 24.12.2020
2051

Alloh taolo insonni yaratganda faqatgina jismdan iborat qilib yaratmadi, balki unga beqiyos neʼmat sifatida ruh ham ato etdi. Inson shu ikki narsadan tashkil topgan. Birinchisi, moddiy narsa boʻlib, u oʻsadi, harakat qiladi. Ikkinchisi esa, moddiy narsa boʻlmay, oʻziga xos boshqa bir holatlardan iborat boʻlib, fikrlash, bilish, iroda, yaxshi koʻrish, yomon koʻrish, yaxshi axloq yoki yomon axloq kabi narsalardan iboratdir. Shu ikki tarafning oʻziga yarasha talablari bor, inson ularni qondirishga harakat qiladi. Jism ovqat, ichimlik va jinsga ragʻbat qiladi. Ruh esa maʼnaviy ozuqaga muhtoj hisoblanadi.

Alloh taolo bandalariga mana shu ikki talabni qanday bajarish yoʻllarini taʼlim berish uchun Paygʻambarlarini joʻnatgan. Darhaqiqat, Paygʻambarlar keltirgan har qanday din faqatgina ruhiy yoki maʼnaviy amaliyotlarni emas, balki jismoniy va moddiy inson ehtiyojlariga bogʻliq taʼlimotlarni taʼlim bergan.

Islomning ilk davrlarida islom ilmlari alohida shakllanmagan edi. Chunki, bunga ehtiyoj ham yoʻq edi. Tasavvuf, fiqh yoki aqoid deya ajratayotgan atamalar aslida bitta maqsadda jamlanadi. U ham boʻlsa, insonning dunyo va oxiratada baxtu-saodat topishiga. Mutaqaddim ulamolar ushbu ilmlarni hammasini oʻzida jamlagan. Zero, ular biri-boshqasisiz mukammal boʻla olmaydi.

Muhaqqiq ulamolar tasavvufni “botiniy fiqh”, yaʼni “ichki fiqh” deydilar shariat ilmlarini esa, “zohiriy fiqh” deb ataydilar yoki oddiygina fiqh ilmi deyish bilan kifoyalanadilar. Binobarin, zohiriy fiqh sharʼiy amallarning tashqi tomoniga ahamiyat beradi. Misol uchun, tahorat, gʻusl, namoz, roʻza, zakot va haj kabi ibodatlarning zohiriy masalalarini oyat va hadislar hamda ijmoʼ va qiyos asosida zohiriy fiqh ilmi bayon qilib beradi .

Namozdagi ruhiy holatni, qalbni qanday tutishni, xushuʼ va xuzuʼni – hamma-hammasini botiniy fiqh ilmi bayon qiladi.

“Soʻfiy” va “tasavvuf” soʻzlarining lugʻaviy maʼnolari haqida turli xil fikrlar aytilganidek, ularning istilohiy maʼnosi borasida ham turli qarashlar bor. “Qavoidut tasavvuf” kitobida ikki mingga yaqin taʼrif keltirilgan. Tasavvuf ahlining oʻzlari uning taʼrifidagi bunday xilma-xillikni yaxshilik alomati deb biladilar. Taʼriflarning hammasi “Alloh taologa sodiq tavajjuh” qilish maʼnosidadir. Shunday ekan qanday qilib mufaqqih yoki mutakallim olimlarni tasavvuf ahli boʻlmagan deyish mumkin. Zero, ularning barchasi “Alloh taologa sodiq tavajjuh” qilishga intilib yashashgan.

Tasavvuf shariatga bevosita bogʻliq ekanligini quyida tasavvuf haqidagi baʼzi taʼriflar bilan tanishib chiqsak, yanada bir bor ishonch hosil qilamiz. Tasavvuf bu

1. Tasavvuf bu sharʼiy odoblar ila zohirda turib uning hukmini botinda koʻrish. Shuningdek, sharʼiy odoblar ila botinda turib uning hukmini zohirda koʻrishdir. Shunda odoblanuvchi uchun ikki hukm ila kamol hosil boʻladi.

2. Tasavvuf bir mazhab boʻlib, maqsadi qalbni Alloh taolodan boshqa barchadan xoli qilish, Xoliqqa ixlos ila ibodat qilish hamda Undan boshqasidan ajralish ila ruhni qudsiyat olamiga olib chiqish.

3. Tasavvuf nafsni axloqiy jihatdan taraqqiy ettiradigan hayotiy falsafa boʻlib, u muayyan amaliy riyozat vositasida haqiqatga aylanadi va baʼzi vaqtlarda oliy haqiqatga singish hissiga olib boradi. Shuningdek, undan zavq va aql ila maʼrifat hosil qilishga olib boradi.

4. Tasavvuf bir ilm boʻlib, u ila nafsning ahvoli: yaxshi va yomoni, uning yomonini poklash yoʻli, yaxshini ziynatlash yoʻli, Alloh taologa yuzlanish kayfiyati va uslubi oʻrganiladi yaʼni, Oʻzidan boshqadan panoh soʻramaslik.

5. Tasavvuf – har bir yomondan xoli boʻlish, har bir yaxshidan ibrat olish ila qurbat ga va visol ga erishishdir. U insonni qayta bino qilish va uni har bir fikr, soʻz, ish va niyatda Robbisi ila bogʻlashdir.

6. Tasavvuf – axloqni sayqallashni va nafsni poklashni yoʻlga qoʻyadi.

7. Tasavvuf tavba, istigʻfor, duo, zuhd, taqvo va shunga oʻxshash maʼnolarning haqiqatini anglab yetishga yordam beradi va ularni hayotga qandoq tatbiq qilish boʻyicha darslar va koʻrgazmali tajribalar olib boradi.

8. Tasavvuf moʻmin-musulmonlarga nafl ibodatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham darslar beradi.

Tasavvuf suluk tarzi boʻlib, uning asosi nafs pok va ruh oliy boʻlishi uchun sodda hayot va fazilatlar ila ziynatlanib yashashdir.

Shayx Shihobiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad as-Suhravardiy (r.a.) soʻfiyni quyidagicha taʼriflaydilar:

“Soʻfiy har bir narsani oʻz joyiga qoʻyadigan, vaqtlar va ishlarni ilm ila tadbirini qiladigan, xalqni oʻz maqomiga qoʻyadigan, Haqqning amrini oʻz joyiga qoʻyadigan, berkitilishi lozim boʻlgan narsani berkitadigan, ochilishi lozim boʻlgan nar¬sani ochadigan va ishlarni qalb huzuri ila, toʻgʻri tavhid ila, kamoli maʼrifat ila, rioyati sidqu ixlos ila oʻz oʻrnida ado etadigan shaxsdir”.

Oriflar sultoni Ahmad Yassaviy (r.a.) esa:

الشريعة عمل بالأركان أى بالظاهر والطريقة عمل بالقلب والحقيقة عمل بالسر

Shariat zohirda aʼzolar bilan amal qilish, tariqat qalb bilan amal qilish, haqiqat esa sir (qalbdagi javhar, koʻngil) bilan amal qilishdir” deganlar.

Shariat va tasavvufning bir-birini taqozo qilishi haqida Imom Molik (r.a.)ning quyidagi soʻzlarini eslash kifoya: «Kim soʻfiy boʻlsa-yu, faqih boʻlmasa, zindiq boʻlibdi. Kim faqih boʻlsa-yu, soʻfiy boʻlmasa, fosiq boʻlibdi. Kim ikkisini jamlasa muhaqqiq boʻlibdi.

Masalan Alloh taolo Qurʼoni karimda balogʻatga yetgan har bir musulmonga har kuni besh vaqt namoz oʻqishni farz qilgan. Bu sharʼiy hukmdir. Agar shu oʻrinda aslida namozdan Allohga ibodat, uning maʼrifati, zikri qasd qilingan va buni hosil qilib boʻlgan shaxsga esa namoz oʻqish shart emas, desak biz ana shu nuqtada adashgan boʻlamiz. Tasavvuf va shariatni oʻz oʻrniga qoʻymagan boʻlamiz. Chunki namoz farz amal boʻlib har qancha Alllohga yetishgan insondan ham soqit boʻlmaydi.

Alloh taolo badaniy ibodatlar bilan bir qatorda moliyaviy vazifalarni ham bandalarning zimmasiga yuklagan. Ana shu vazifalardan biri zakotdir. U molu davlati (xoh u tillo kumushdan boʻlsin, xoh chorva hayvoni boʻlsin, tijorat moli boʻlsin) sharʼiy nisobga yetib unga bir yil aylangan insonga vojibdir. Bu ham farz – sharʼiy hukmdir. Agar shu oʻrinda zakotdan asl maqsad poklanish nafsni boʻysundirishdir. Agar inson shundogʻam oʻzini pok saqlagan va nafsini jilovlagan boʻlsa, tillo kumushining zakotini bermasa ham boʻlaveradi, desak ham toʻgri boʻlmaydi. Chunki namoz ham zakot ham qoʻyingki barcha insonning vojibotlarini qilmasa ham boʻlaveradi deyish bu juda xatarli boʻlib, insonni islom millatidan chiqaradi. Yoki bu misollarning aksini olaylik inson zimmasiga yuklangan namozni toʻkis ado qilsa, zakotni bersa, va boshqa vazifalarni toʻla toʻkis bajarsayu, qalbida zigʻircha ham ixlos muhabbat boʻlmasa, Alloh ibodatimni qabul qildimikan degan xavotir boʻlmasa, u ham bekordir. Chunki ixlos bu barcha ibodatlarning ruhidir. Bunga beparvo boʻlagan kimsa, imom Molik (r.a.) aytganlaridek fosiq boʻlib qolishi mumkin.

“Al-Burhonul al-Muayyad” kitobida zikr qilinishicha, tasavvufning eng koʻzga koʻringan namoyondalaridan biri boʻlmish shayx Rifoiy quyidagilarni aytgan:

“Agar orif faqih komil soʻfiyga: “Sen shogirdlaringga: “Namoz oʻqimanglar, roʻza tutmanglar, Allohning chegarasida turmanglar”, deganmisan?” desa, nima deydi? “Allohga qasamki, Xudo saqlasin”, deyishdan boshqa narsani ayta olarmidi?!

Agar komil soʻfiy orif faqihga: “Sen shogirdlaringga: “Allohning zikrini koʻp qilmanglar, nafsga qarshi mujohada ochmanglar va Allohga ixlos bilan amal qilmanglar”, deganmisa?” desa, nima deydi? “Allohga qasamki, Xudo saqlasin”, deyishdan boshqa narsani ayta olarmidi?!

Shuning uchun tasavvuf ahli inson oʻzini Qurʼon ila tarbiya toptirmogʻi va sinovdan oʻtkazishi, Alloh ishqini Qurʼon ishqi bilan uzviy aloqadorlikda kamol toptirishi lozim deganlar.

Tasavvufda tafakkurning eng muhtasham, eng zavqli va eng hosildor maydoni ilm va maʼrifat. Ahmad Yassaviy (r.a.) taʼkidlaganidek:

Maʼrifatni minbariga minmaguncha,

Shariatni ishlarini bilsa boʻlmas.

Maʼrifatni minbarini egallash oson ish emas. Aks holda Xoja Bahouddin Naqshband hazratlari: “Tavhid sirriga yetsa boʻlur. Ammo maʼrifat sirriga yetish dushvordir”, demagan boʻlurdi. Haqiqatda ham tavhid maʼrifatning yuqori, ammo bitta “tarmogʻi” dir.

Xoja Bektoshi Valiyning obrazli ifodasi boʻyicha, “Maʼrifat shunday bir daraxtdurki, uning boshi – tavhid, tanasi – iymon, yaproqlari – islom, tubi – yaqinlik, ildizi – tavakkul, butoqlari – nahyi munkar, suvi – xavf va rajo, mevasi – ilm, tuprogʻi – komil insonning koʻnglidir. Boshi arshdan ham baland bu daraxtning besh navdasidan biri – shavq, ikkinchisi – muhabbat, uchinchisi – inoyat, toʻrtinchisi – irodat, beshinchisi esa – qurbiyatdir”.

Demak, maʼrifat sohibi boʻlish ana uchun ana shuncha haqiqat va fazilatlarning sohibi boʻlish, maʼrifat sirriga yetish uchun ana shuncha haqiqat va xususiyatlarning asroridan ogoh boʻlish lozim. Maʼrifat inson ongi yoki koʻngliga tashqaridan olib kiriladigan yaʼni, zohiriy bir neʼmat yoki qudrat emas, balki insonning ilohiy mavjudligidan yuzaga keladigan fikriy va ruhiy qudratdir. Maʼrifat – eng avvalo, qalb mujohadasi va oʻzni anglash degani. Tasavvuf taʼlimoti, maʼlum bir maʼnoda, nubuvvat taʼlimoti va maʼrifatga sodiqlikdir.

Taʼkidlash joizki, tasavvuf va fiqh bir-biriga uzviy bogʻliq boʻlib, u ikkisining taʼlimotlari har bir zamon va makon uchun muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar. Ularda ilgari surilgan oʻzgalar haqqiga rioya qilish, ijtimoiy adolat, savob ish qilishga intilish, oʻz mehnati bilan kun koʻrish, insoniy burch va masʼuliyatlarni his etish, ota-ona, qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻlar, beva-bechoralarga muntazam va beminnat yordam qilish, jamiyatda madaniyatli hamda namunali, bir soʻz bilan aytganda, komil insonni voyaga yetkazish, tarbiyalash kabi oliyjanob fazilatlarni xalqimiz orasida yanada kengroq yoyish, rivojlantirish shu bilan bir qatorda jamiyatda boʻlayotgan ixtiloflarga barham berish biz yoshlarning bugungi kundagi eng muhim vazifalarimizdan hisoblanadi.

Toʻxtasinov Roʻzimuhammad

Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi

. .