So'kish va haqorat - katta gunohdir!
Muallif: . .
Sana: 25.12.2017
9359

Muqaddas Islom dini kishilarni o‘zaro xush muomalada bo‘lishga, jahli chiqqanda g‘azabini bosishga, har bir insonga hurmat bilan qarashga, insonga etadigan har bir yaxshilik va yomonlik Alloh taolodan ekanligiga iymon keltirishga chaqiradi. Inson ma’naviy dunyosining boy yoki qashshoq ekanligi uning insonlarga qilgan muomalasidan ma’lum bo‘ladi. Ulug‘ turkman shoiri Maxtumquli - “Bir yigitni bilay desangiz, ma’rakada o‘tirib-turishin ko‘ring.” deganida haq so‘zni aytgan edi.

Insonning yurish-turishi, tili ichki dunyosining oynasidir. Bizning jamiyatimizda uchrab turadigan katta kamchiliklardan biri so‘kish va haqorat qilishdir. Jamoat joylarida tuppa-tuzuk insonlarni behayo so‘zlar bilan bir-birini yoki noma’lum narsalarni haqorat qilayotganini eshitib qolamiz. Hattoki gapining har bir jumlasiga so‘kish so‘zlarini aralashtirib gapiradigan insonlar ham mavjud. Ba’zi yoshlar bir-biriga eng qattiq haqorat so‘zlarini ishlatishganda ham hech narsa bo‘lmagandek kulib qo‘yishadi. Bu insonlar o‘zligini, ya’ni Alloh taolo uni inson gavhari qilib yaratganini, uning zimmasiga yuksak ma’naviyatli, madaniyatli komil inson bo‘lish vazifasini qo‘yganligidan bexabar ko‘rinadi. Biz hayotda nima uchun hammaga mehribon, shirinso‘z, faol, atrofidagi insonlarga befarq bo‘lmagan fidoyi insonlarni yaxshi ko‘ramiz va hurmat qilamiz. So‘zlaganda so‘kish va haqorat so‘zlariga odatlangan insonni kim yaxshi ko‘radi? Agar bu insonlar bir oilaning boshlig‘i bo‘lsalar, ular shubhasiz oila davrasida ham ushbu so‘zlardan foydalanishadi va bu narsa uning davrasida o‘tirgan farzandlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Oila boshlig‘ining ma’naviy namuna bo‘lishi qaerda qoladi?

Biz gohida ayrim yoshlarni tarbiyasida kamchiliklar borligidan shikoyat qilamiz, vaholanki ota-onada ma’naviyat va madaniyat bo‘lmasa, bu oilada tarbiya topgan boladan nimani kutish mumkin? Og‘zidan eshitilganda basharani o‘zgartiradigan so‘zlar chiqib turgan inson insoniy sifatlardan uzoqlashib, hayvoniy sifatlarga yaqinlashib qolmaydimi? Zero buyuk bobomiz Alisher Navoiy aytganlar:

Inson borki insonlarning naqshidur,

Inson borki hayvon undan yaxshidur.

Bu misralar go‘yoki bizning jamiyatimizdagi illatlarga ham ishora qilayotganga o‘xshaydi.

Xo‘sh, so‘kish va haqorat ma’nolariga dinimiz qanday munosabat bildiradi: Alloh taolo marhamat qiladi:

«Mo‘min va mo‘minalarga ular biron gunoh qilmasliklaridan turib ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58-oyat.).

YA’ni, mo‘‘min kishilarga hech bir gunoh-jinoyat qilmasalar ham ozor beradigan kishilar o‘z ustlariga yolg‘on, bo‘hton va ulkan gunohni yuklab olgan bo‘ladilar.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida Alloh nazdida eng yomon darajali kimsa - beodobligi-uyatsizligidan saqlanish maqsadida odamlar tark qilgan yoki odamlar o‘z holiga tashlab qo‘ygan kishidir» (Muttafaqun alayh).

Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmon musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni tahqirlamaydi, yordamsiz tashlab qo‘ymaydi». So‘ng: «Taqvo mana bu erdadir», deya ko‘kslariga uch marta ishora qildilar va: «Musulmon birodarini haqorat qilishi kishining yomonligiga etarli dalildir», dedilar (Muslim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Musulmonni so‘kish fosiqlik, o‘ldirish esa kufrdir» (Muttafaqun alayh). Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Falonchi ayol kechalari namoz o‘qib, kunduzlari ro‘za tutadi. Biroq tili yomon, qo‘shnilariga behayolik bilan ozor beradi», deyishgan edi, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Unda yaxshilik yo‘q, u do‘zaxda», dedilar (Hokim rivoyati, sahih hadis).

Ummu Habiba roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Odam farzandining har bir kalomi o‘ziga ziyondir. Magar yaxshilikka buyurish yo yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Termiziy, Ibn Moja rivoyati.).

Ushbu oyati karima va hadisi shariflardan ma’lum buladiki, behayo so‘zlar bilan insonlarga ozor beradigan kishilarning yaxshi amallari ham yordam berolmas ekan. Til insonni oxirat saodatiga yoki baxtsizligiga erishishiga sabab buluvchi vosita ekan. Biz bu ne’matni qadriga etib, faqat yaxshilik va savob yo‘lida foydalanishimiz zarur bo‘ladi. Albatta har bir inson yaxshi, muloyim so‘zni, xushmuomalalikni yaxshi ko‘radi. YOmon so‘z hech kimga yoqmaydi. So‘zlaganda har bir so‘zni o‘ylab gapirish oqil kishilar odatidir.

Alloh taolodan har birimizga shirinso‘z, bag‘rikeng, bosiq, mulohazali bo‘lishga tavfiq berishini va jamiyatimizni yuksak ma’naviyatli insonlarga to‘ldirishini so‘rab qolamiz.

. .