Vatan himoyasi - ulugʻ sharaf
Muallif: . .
Sana: 14.01.2020
2233

عن عبد الله بن عباس رضي الله عنه قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: (عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ الله، وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ الله) رواه الترمذي


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni: ”Ikki koʻzni hargiz (doʻzax) oʻt tutmaydi— Alloh taolodan qoʻrqib yigʻlagan koʻz va Alloh taoloning yoʻlida musulmonlarni qoʻriqlab, tong ottirgan koʻz“- deganlarini eshittim”.

Termiziy rivoyati.

عن ابن عمر رضي الله عنهما: أن النبي صلى الله عليه و سلم قال: (ألا أنبئكم بليلة أفضل من ليلة القدر حارس حرس في أرض خوف لعله أن لا يرجع إلى أهله).

رواه الحاكم في المستدرك


Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: ”Sizlarga Laylatul qadrdan afzal kecha haqida xabar beraymi? —U ahliga qaytmaslik ehtimoli bor, xavf yerida posbonlik qilgan qoʻriqchidir“- dedilar”.

Imom Hokim “Mustadrok”da rivoyat qilgan.


عن أبي هريرة رضي الله عنه أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: “موقف ساعة في سبيل الله خير من قيام ليلة القدر عند الحجر الأسود”. أخرجه ابن حبان وغيره،


Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: ”Alloh taoloning yoʻlida biroz turish, Hajarul asvadning yonida Laylatul qadrni qoim qilishdan afzaldir“-dedilar”. Ibn Hibbon va boshqalar rivoyat qilgan.

Musulmonlarning qonlari, obroʻlari, yurtlari va molu jonlarini saqlash uchun uxlamay tong ottirgan kishiga shundy yuksak daraja berilar ekan. Laylatul qadr kechasini qoim qilib, uxlamay bedor oʻtkazsa beriladigan foyda oʻsha odamning oʻziga boʻladi. Agar u hajarul asvadning yonida boʻlsachi?

Buni koʻring-da! Laylatul qadr qanday ulugʻ kecha? Lekin, jamiyatning xizmati, tinchlik, omonlik yoʻlida bedor oʻtkazgan kecha Laylatul qadrdan ham afzal hisoblanar ekan. Mana shu yuqoridagi hadislarning dalili eʼtiboridan Vatan himoyasi qanday ulugʻ amal ekanini bilib oldik!

Vatan himoyasi borisida uzoqga emas. Oʻz buyuk bobolarimiz tarixiga nazar solsak kifoya. Tarix kitoblarida yozilishicha Najmiddin Kubro rohimahullohga Chingizxon tomonidan bizga qoʻshiling degan taklif boʻlganida, rozi boʻlmagan ekanlar. Undan tashqari u zotga Xorazm Shoh tomonidan ham Vatandan chiqib ketish taklifi aytilganda ham koʻnmagan ekanlar. Vatan himoyasi borisida, oʻtgan tasavvuf namoyondalarining hayoti biz uchun katta tajriba maktabi. Ulardan biri Najmiddin Kubro rohimahulloh. Bu zotning yashagan davr oʻta ogʻir, shiddatli va murakkab sharoitda kechgan. Oʻsha vaqtlar moʻgʻillarning Markaziy Osiyoga qilayotgan hamlalari kuchayib, Chingizxon lashkarboshilari Movarounnahrdagi yirik shaharlarni birin- ketin ayovsiz ravishda bosib olayotgan edi. 1221-yilning iyul oyida Chingizxonning lashkarboshilaridan biri Xulagixonga qarshi 76 yoshlik keksa Shayx Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar yigʻib, qoʻlida nayza tutib, duo-fotihalar oʻqib, gʻaroyib karomatlar koʻrsatadi. Urganch qalʼasini bir necha kun dushman hamlasidan saqlab turadi. Ushbu shiddatli jang paytida (1221 yil) Shayx Najmiddin Kubro moʻgʻil bosqinchilari tomonidan vahshiyona qatl qilinadi.Shayx Najmiddin Kubroning Vatanparvarlik haqidagi fikrlari ham gʻoyatda muhim dolzarb va ibratomuzdir. U— Vatan deb, uning himoyasi yoʻlida shahid boʻlmoq, shahodat jomini noʻsh aylamoq— Xudoning vasliga noil boʻlmoqdir! Deb yozgan va Urganch qalʼasini dushmanlardan himoya qilayotib jasurona shahid boʻlgan. Oʻz ona tuprogʻini himoya qilib, bir qoʻlida qilich ikkinchi qoʻlida tasbeh ushlab, xaloyiqni Vatan dushmanlariga qarshi hayot mamot kurashiga ilhomlantirgan, otashnafas Shayximiz biz uchun gʻoyatda azizdir. Ayniqsa, Kubroviya taʼlimotidagi muruvvat, futuvvat, javonmardlik, vatanparvarlik va inson kamoloti kabi ezgu qimmatbaho axloqiy qadryatlar bizning zamonimizda ham oʻz qiymatini yoʻqotmaydi deb oʻylaymiz. Har bir insonning maʼnaviyatiga vatanparvarlikni singdirish lozim. Vatanparvarlik tinchlikni saqlashning eng muhim omilidir. Chunki, bizning ota-bobolarimiz vatanlari himoyasi yoʻlida jonlarini ham fido qilganlarini oʻqib oʻrgandik.


Mir Arab oliy madrasa talabasi

Muhammadyunus Muhammadmuso oʻgʻli tayorladi

. .